Qobuljon Axmedov

Qobuljon Axmedov

Bosh direktor ID: 001

Qobuljon Axmedov Xoliqovich

Qobuljon Axmedov — jurnalist, media menejer, prodyuser. “Mening yurtim” (MY5) telekanali bosh direktori (2022-yildan hozirgacha).

Biografiya

1984-yilning 13-mayida Fargʻona viloyati Bagʻdod tumanida ziyoli oilada tavallud topgan. Millati o‘zbek. Ma’lumoti oliy. 2004-yilda Oʻzbekiston milliy universitetining jurnalistika fakultetini tamomlagan.
Talabalik yillarida o‘qish bilan birga Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasida amaliyot o‘tagan.

Jurnalistika sohasiga “OʻzEOAVMA axborotnomasi” jurnali bosh muharriri (2004) sifatida kirib keldi. Assotsiatsiya qoshida respublikada birinchi Oʻzbekiston nodavlat telekompaniyalar teletarmogʻi (OʻzNTT) tashkil etildi hamda unda muharrirlik (2005-2006, 2010) qildi.

Nodavlat elektron ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi direktor oʻrinbosari, direktor vazifasini bajaruvchi (2006-2008) boʻlib ishlagan davrda koʻplab loyihalar, jumladan, “Zamon bilan hamnafas”, “Ijtimoiy loyiha”, “Maslahat markazi” kabi grant dasturlarning asosiy tashabbuskori va ijrochisi boʻldi.

Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasining ijrochi direktori (2008-2010) etib saylandi. Rahbarligi davomida respublikamizning har bir hududida Yoshlar studiyalari tashkil etilishida salmoqli ishlarni amalga oshirib, sohaga yuzlab yosh kadrlarning kirib kelishiga sharoit yaratdi. Shuningdek, Nodavlat radiostansiyalar tarmogʻi (NRT)ni tashkil etish orqali axborot almashinuvi mexanizmini yoʻlga qoʻyishda katta hissa qo‘shdi.

Bosma ommaviy axborot vositalar sohasida ham tajriba orttirdi. Xususan, “Darakchi” gazetasida dastlab mas’ul kotib, keyinchalik direktor (2010-2014) sifatida faoliyat yuritdi. Oʻzbekistonda eng koʻp adadda chop etiladigan xususiy gazetaga rahbarlik qilish davomida davlat siyosatini kreativ tarzda oʻquvchilarga yetkazish bilan bir qatorda qiziqarli va rang-barang materiallar bilan obunachilarning sonini oshirib bordi.

“Dono” nashriyoti direktori (2014-2016) lavozimida ishlagan yillarida bolalar uchun moʻljallangan “Dono Word”, “Bilimdon”, “Znayka”, “Excellent” jurnallarini tayyorlash va chop etish bilan shugʻullandi.

“Dono Productions” mas’uliyati cheklangan jamiyat direktori (2016-2017) sifatida faoliyat ko‘rsatganda afsonaviy oʻzbek rejissyori, Oʻzbekiston xalq artisti Shuhrat Abbosovning “Mahallada duv-duv gap” filmining zamonaviy talqini, Oʻzbekistonning turizm salohiyatini ochib berishga qaratilgan “Maftun boʻldim” (Maftun boʻldim senga, Oʻzbekiston!) badiiy filmi suratga olindi.

“Xabar.uz” axborot-tahliliy portali ijodiy guruh rahbarligi (2017-2018) davrida saytni “TOP-10 saytlar” qatoriga kiritishga erishdi. Bundan tashqari, “Xabar.tv” (“IT LIFE”) onlayn internet telekanal tashkil qildi.


Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi markaziy kengashi muassisligidagi “Yoshlar media markazi” nodavlat notijorat tashkiloti boshqaruv raisi (2018-2020) bo‘lib ishlaganda joriy qilgan yangi mexanizmi orqali yoshlarga oid davlat siyosatini keng targʻib qildi hamda Ittifoq faoliyatini yoritdi.

Oʻzbekiston elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiatsiyasi boshqaruv raisining oʻrinbosari — bosh direktori vazifasini bajaruvchi (2018) bo‘lganida yirik loyihalarini amalga oshirishda koʻmaklashdi.

“Mening yurtim” — MY5 telekanali bosh direktori (2018-2020) sifatida faoliyat yuritganda bir necha o‘nlab yangi loyihalarni yo‘lga qo‘ydi. 2019-yilda kanalning “Markaziy studiya” dasturi “Oltin qalam” xalqaro tanlovining televideniye yoʻnalishida birinchi oʻrinni qoʻlga kiritdi.

OʻzMTRK “Yoshlar teleradiokanali” aksiyadorlik jamiyati direktori (2019-2020), Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi direktori maslahatchisi (2020-2022) sifatida faoliyat olib borgan.

 

Shaxsiy hayoti

Oilali, toʻrt nafar farzandi bor: ikki qiz, ikki oʻgʻil.

 

Badiiy rahbarlik va prodyuserlik ishlari

"Yana mahallada duv-duv gap" badiiy film
"Maftun boʻldim senga, Oʻzbekiston!" badiiy film
“O‘zbekistonlik” 1 hujjatli film
“O‘zbekistonlik” 2 hujjatli film

 

Televizion loyihalari

"Yulduzcha" bolalar musiqiy televizion tanlovi
"Men yulduzman" musiqiy televizion tanlovi
"Majnuntol" mualliflik qoʻshiqlari va gitara festivali
"Ibrat"
"Toʻrt devor ichidagi sir"
"Yoshlar ovozi" respublika festivali
"Yosh kitobxon oila" respublika tanlovi

 

Hujjatli filmlari

"Zulmat ortidagi nur"

 

Teleseriallari

"Soya"
"Кошмар на отлично"
"Osiyo"
"Ali va Aliya"

Davomini o‘qish